Sud mustaqilligi va davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish

O‘zbekiston Respublikasi 2023-yil 30-aprelda o‘tkazilgan umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi bilan o‘z taraqqiyotining mutlaqo yangi, demokratik va insonparvar bosqichiga qadam qo‘ydi. Bu tarixiy hujjat nafaqat davlat boshqaruvi, balki fuqarolarning asosiy huquqlari, sud mustaqilligi, konstitutsiyaviy nazorat va adolat mezonlarining kuchaytirilishi nuqtayi nazaridan tub burilishni anglatadi. Shunday yangi Konstitutsiya ruhini aks ettirgan holda, 2025-yil 10-iyun kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-1067-sonli “Yangi taxrirdagi O’zbekiston Respublikasi Konistitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O’zbekiston Respulikasi ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyati hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi  Qonuni mamlakat huquqiy tarixida alohida o‘rin tutadi.

Mazkur qonunning qabul qilinishi — davlat va jamiyat hayotida adolat, tenglik, huquqiy kafolatlar va sud mustaqilligini yanada mustahkamlash, sud-huquq tizimini yangi Konstitutsiya talablariga moslashtirish, eng muhimi, fuqarolarning real huquqiy himoyasini kuchaytirish maqsadida amalga oshirildi. Endilikda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili nafaqat deklarativ hujjatlarda, balki bevosita normativ-huquqiy amaliyotda o‘zining samarador ifodasini topmoqda. O‘RQ-1067-sonli qonun bilan Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, ma’muriy, iqtisodiy va fuqarolik sudlari faoliyatiga doir qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, fuqarolarning sudda himoya qilish imkoniyatlari kengaytirildi, prokuratura va advokaturaning sudlardagi ishtiroki muvozanatlashtirildi, konstitutsiyaviy shikoyat mexanizmlari soddalashtirildi. Qonun ijrosidagi muhim jihatlar bevosita ma’muriy sudlarning faoliyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lganligi bois, ushbu maqola amaliy nuqtayi nazardan ham dolzarb ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi O‘RQ-1067-sonli Qonuni, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida qabul qilingan eng muhim islohotiy huquqiy hujjatlardan biridir. Ushbu qonunning asosiy maqsadi — sud hokimiyatining mustaqilligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini real kafolatlash, fuqarolarning adolatli sud himoyasiga bo‘lgan huquqini kuchaytirish hamda sud tizimi faoliyatini demokratik va ochiq asoslarda rivojlantirishdan iboratdir. Qonun bilan qator asosiy normativ-huquqiy hujjatlarga — xususan, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun, “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonun, “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun, shuningdek, Ma’muriy protsessual kodeks va Jinoyat-protsessual kodeksga muhim o‘zgartirishlar kiritildi. Bu o‘zgarishlar, avvalo, Konstitutsiyada mustahkamlangan sud mustaqilligi, inson sha’ni va qadr-qimmatini yuksaltirish, shaxsiy huquqlarning daxlsizligini ta’minlash kabi prinsiplarning amaliy hayotga to‘liq tatbiq etilishini ko‘zda tutadi. Jumladan, endilikda Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish tartibi fuqarolar uchun soddalashtirildi. Avvalgi holatlarda faqat sudlar yoki rasmiy organlar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishi mumkin bo‘lgan bo‘lsa, hozirda oddiy fuqarolar ham bevosita o‘z konstitutsiyaviy huquqlarining buzilishi haqida shikoyat kiritish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa inson huquqlarining real kafolatlanishiga xizmat qiluvchi mexanizmga aylandi.

Shuningdek, qonun asosida sudlar tomonidan chiqariladigan qarorlarning asoslanganligi, ochiqligi va adolatliligi bo‘yicha talablar kuchaytirildi. Fuqarolarning sud qarorlariga nisbatan shikoyat qilish huquqlari kengaytirildi, ularning advokat bilan ta’minlanish kafolatlari mustahkamlandi. Ma’muriy
va iqtisodiy sudlar faoliyatida esa ishlarni ko‘rib chiqish tartibi inson huquqlariga asoslangan yondashuvlar bilan boyitildi. Bundan tashqari, qonun bilan prokurorlarning sud jarayonlarida ishtirok etish tartibi aniq belgilandi. Endilikda ular faqatgina qonuniylikni nazorat qilish vakolati bilan ishtirok etadi, bu esa sudning mustaqil qaror qabul qilishiga to‘siq bo‘ladigan holatlarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Qonun orqali advokatura instituti huquqlari ham mustahkamlanib, ular sud tizimidagi teng huquqli ishtirokchi sifatida qayd etildi.

Demak, O‘RQ-1067-sonli Qonun o‘zining huquqiy mohiyati bilan sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kafolatlash va demokratik jamiyat qurilishida muhim huquqiy zamin yaratgan muhim islohotiy qadamdir.

Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi sudya yordamchisi

DJurayeva Durdona  Nuraliyevna