Mulk va yer resurslaridan foydalanish tizimining tubdan takomillashtirish

O‘zbekiston Respublikasi o‘z taraqqiyotining yangi bosqichida mulk, ayniqsa yer resurslaridan foydalanish tizimini yanada shaffof, adolatli va qonuniy asosda boshqarishga intilmoqda. Buning sababi, yer resurslari mamlakat iqtisodiyoti, investitsion jozibadorlik, aholi bandligi va ijtimoiy barqarorlikning eng muhim strategik omillaridan biri hisoblanadi. Ayni shu jihatdan, 2025-yil 5-may kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-1061-sonli “Yer uchastkalaridan foydalanish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni muhim tarixiy huquqiy hujjat sifatida maydonga chiqmoqda. Mazkur qonun bilan Yer kodeksi, “Mulkchilik to‘g‘risida”, “Davlat fuqarolik xizmati”, “Fuqarolarning murojatlar”, “Notariat to‘g‘risida” kabi qator qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilib, yer bilan bog‘liq munosabatlar yanada zamonaviylashtirilmoqda. Bu o‘zgarishlar fuqarolarning va yuridik shaxslarning yerga bo‘lgan huquqlarini erkin amalga oshirishi, ma’muriy to‘siqlarning bartaraf qilinishi, qonuniy kafolatlarning mustahkamlanishi, sud nazorati mexanizmlarining kuchayishi bilan belgilanadi.

Sud amaliyotida yerga oid da’volar — bu eng murakkab va ko‘p bahsli toifadagi ishlar sirasiga kiradi. Ayniqsa, yer ajratish, olib qo‘yish, davlat ehtiyoji uchun kompensatsiya to‘lash, davlat xizmatlarining muddati va sifati masalalari ko‘plab nizolarga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli, ushbu qonunning amaliy ahamiyati ma’muriy sudlar, ayniqsa yer va mulk munosabatlarini ko‘rib chiquvchi sudyalar va ularning yordamchilari uchun g‘oyat dolzarbdir.

O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-1061-sonli Qonuni 2025-yil 5-mayda qabul qilinib, yer uchastkalaridan foydalanish tartibini tubdan takomillashtirish maqsadida bir qator muhim normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi. Qonunning asosiy vazifasi — yer munosabatlarida mavjud byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, erkin raqobat tamoyillarini mustahkamlash, davlat xizmatlarini soddalashtirish va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini samarali himoya qilishdan iboratdir. Qonun asosida  Yer kodeksiga kiritilgan asosiy o‘zgarishlardan biri — yer uchastkalarining auksion orqali berilish tartibining takomillashtirilishidir. Endilikda auksionda g‘olib bo‘lgan shaxs bilan yerga egalik qilish huquqi shartnomasi rasmiylashtirilgunga qadar boshqa har qanday shaxsga mazkur yer uchastkasi ajratilishi qat’iyan taqiqlanadi. Bu, bir tomondan, fuqarolarning ishonchini oshiradi, boshqa tomondan esa davlat organlari tomonidan erkin tanlovga putur yetkazuvchi holatlarning oldini oladi. Yana bir muhim jihat — “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar orqali yer ajratish, o‘zgartirish va tasdiqlash bilan bog‘liq xizmatlar davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi. Bu fuqarolar uchun shaffof, raqamlashtirilgan va tezkor xizmatdan foydalanish imkonini yaratadi. Shuningdek, “Mulkchilik to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarda, davlat mulkini (shu jumladan yer uchastkalarini) ijaraga yoki sotuvga chiqarishda erkin raqobat sharoitida o‘tkaziladigan elektron savdolar asosiy mexanizm sifatida belgilanmoqda. Bu bilan korrupsion xavf kamaytiriladi, iqtisodiy samaradorlik ortadi. “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgarishlar esa yerga oid bitimlarni tasdiqlashda yagona elektron reyestr asosida tekshiruv o‘tkazish talabini belgilab, noqonuniy kelishuvlarning oldini olishga xizmat qiladi. Umuman olganda, O‘RQ-1061-sonli Qonun yurtimizda yer munosabatlari sohasida huquqiy aniqlik, ochiqlik va fuqarolarning ishonchini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar davomini tashkil qiladi. Bu qonun orqali davlat va fuqarolar o‘rtasidagi huquqiy aloqalar yanada barqaror, prognozli va himoyalangan shaklga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Huquqiy davlat qurilishining ajralmas elementi bo‘lgan sud nazorati tizimi, ayniqsa yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning amaliy ijrosini baholashda asosiy indikator sifatida xizmat qiladi. Bu jihatdan O‘RQ-1061-sonli Qonunning real hayotda qanday tatbiq etilayotgani, qanday to‘siqlarga uchrayotgani, kimlar tomonidan buzilayotgani yoki noto‘g‘ri talqin qilinayotgani sud amaliyotida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Qonun bilan kiritilgan o‘zgarishlarga mos ravishda barcha tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy boshqaruv organlarining ichki me’yoriy hujjatlari (yo‘riqnomalar, nizomlar, qarorlar) zudlik bilan qayta ko‘rib chiqilishi lozim. Ayniqsa, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri agentligi va Adliya vazirligi ushbu huquqiy muvofiqlashtirishda asosiy rolda bo‘lishi kerak. Qonunning murakkab bandlarini amalda talqin qilishda sudlar o‘rtasida turlicha yondashuvlar yuzaga kelmoqda. Shu sababli, Oliy sud huzurida joylashgan sudyalar oliy kengashi tomonidan O‘RQ-1061-sonli Qonunga oid nizolar bo‘yicha metodik tavsiyalar, tahliliy sharhlar va misollar bilan to‘ldirilgan huquqiy qo‘llanma ishlab chiqilishi zarur. Mahalliy hokimliklar va yer resurslari bo‘limlari uchun o‘quv-seminarlar tashkil qilish. Hududiy hokimliklar va davlat xizmatlari markazlarida ishlayotgan  mutasaddilarning qonun mazmunidan bexabar bo‘lishi yoki noto‘g‘ri talqin qilishi sudga da’volar oqimini ko‘paytirmoqda. Buning oldini olish uchun har bir viloyat va tuman darajasida O‘RQ-1061-sonli Qonun mohiyati bo‘yicha maqsadli o‘quvlar, amaliy mashg‘ulotlar va treninglar tashkil etilishi lozim. Elektron auksionlar ustidan doimiy monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish. Auksion tartibidagi yer savdolari ustidan Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan muntazam nazorat o‘rnatilishi, noqonuniy aralashuv holatlari yuzasidan ochiq axborot e’lon qilinishi kerak. Shuningdek, monitoring asosida aniqlangan qonunbuzarliklar haqida sudlarga ma’lumotnoma taqdim etilishi sudning samarali ishlashiga xizmat qiladi.

Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi sudya yordamchisi

Mirzatillayev Mirsaid Xaydarali o’g’li