Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi tizimida islohotlar va tizimni tubdan takomillashtirish

O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda barcha sohalarda, xususan, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi (UJKX) tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi islohotlarning asosiy maqsadi — fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash, ularning yashash sharoitlarini zamonaviy va qulay holga keltirish, shuningdek, davlat tomonidan qurilish va kommunal xizmatlar sifati ustidan tizimli nazoratni kuchaytirishdan iboratdir. Afsuski, uzoq yillar davomida bu soha korrupsiya, byurokratiya, sifatsiz pudrat, va eng yomoni — aholining ishonchidan suiste’mol qilish holatlari bilan yomon nom qozongan edi. Aynan shunday muammolarni chuqur tahlil qilib, ularga qat’iy yechim topish maqsadida, 2025-yil 14-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–66-sonli Farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat, nafaqat qurilish va kommunal xizmatlar sifatini oshirishga, balki davlat nazoratining mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etishga, fuqarolik nazoratini kengaytirishga, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga yo‘naltirilgan. Eng muhimi, ushbu farmon orqali qurilishda qonunbuzarliklarni erta aniqlash, ularning oldini olish va javobgarlik choralarini kuchaytirish tizimi huquqiy asosga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, bu farmon ma’muriy sudlar faoliyati, xususan, davlat xizmatlarining qonuniyligini baholovchi va nizolarni hal qiluvchi vakolatli organ sifatida ularning rolini yanada oshirdi. Ushbu maqolada
PF–66-sonli Prezident farmonining huquqiy mazmuni, amaliy ahamiyati, sud tizimidagi roli, ijrodagi muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar Toshkent shahar tumanlararo ma’muriy sudi sudya yordamchisi Umarova Zumradxon Xayotjon qizi faoliyati misolida tahlil qilinadi. Uning amaliy tajribasi orqali farmon ijrosining real holati, monitoring uslublari va sud-huquqiy mexanizmlar yoritiladi. Bu esa maqolaning nafaqat nazariy, balki amaliy foydasini oshiradi. Maqsad – bu farmon orqali nazarda tutilgan chora-tadbirlarga yuridik nuqtai nazardan yondashish va uni amalga oshirishda sud tizimining o‘rnini huquqiy asosda yoritishdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-apreldagi PF–66-sonli farmoni — “Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” — nafaqat qurilish sifati, balki jamiyatda qonuniylik, javobgarlik va ochiqlik tamoyillarini mustahkamlashda muhim huquqiy hujjat hisoblanadi

Asosiy yo‘nalishlar quyidagilardan iborat:

  Davlat nazorati va monitoring tizimini markazlashtirish: Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi agentligi tarkibida maxsus nazorat tuzilmasi — Davlat qurilish nazorati inspeksiyasi tashkil etildi. Bu inspeksiya barcha qurilish ob’ektlarida majburiy nazoratni olib boradi.

  Fuqarolik nazoratini kengaytirish: Aholi uchun qurilish va kommunal xizmatlar ustidan ochiq ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi. “Ochiq reestr” orqali istalgan fuqaro har bir qurilish ob’ekti bo‘yicha hujjatlar, bajarilayotgan ishlar va nazorat holatini tekshira oladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi islohotlar nafaqat iqtisodiy va texnik tusdagi o‘zgarishlarni, balki huquqiy nazorat va javobgarlik mexanizmlarini ham yangidan shakllantirishni talab qiladi. Bu jihatdan qaror ijrosining huquqiy kafolati bo‘lgan sud tizimi, ayniqsa ma’muriy sudlar, davlat va fuqarolar o‘rtasidagi nizolarni hal etish, qonuniylikni ta’minlash hamda fuqarolarning murojaatlarini adolatli ko‘rib chiqish bo‘yicha muhim rol o‘ynaydi. Ko‘p hollarda oddiy fuqaro noqonuniy qurilish natijasida o‘zining uy-joy, yashash muhitiga zarar yetganligini sud orqali da’vo qiladi. Sudya yordamchisi bunday da’volarda zarar ko‘lamini, qonun buzilishini asoslovchi dalillarni yig‘ishda sudyaga yuridik yordam ko‘rsatadi. Ayniqsa, ko‘p kvartirali uylarda joylashtirilgan muhandislik inshootlari, kanalizatsiya tizimi yoki tom qurilmalari yuzasidan fuqarolik da’volari soni oshgan

O‘zbekiston Respublikasida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini huquqiy tartibga solish, davlat nazoratini kuchaytirish va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini samarali himoya qilish borasida yangi davr boshlandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 2025-yil 14-aprelda qabul qilingan PF–66-sonli Prezident farmoni ushbu yo‘nalishdagi tub o‘zgarishlarning normativ-huquqiy poydevorini yaratdi. Bu hujjat orqali davlat faqat nazoratchi emas, balki samarali boshqaruvchi, tartibga soluvchi va aholining manfaatini ko‘zlagan mas’ul tuzilmaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda. Mazkur maqolada PF–66-sonli Farmonning mazmuni, huquqiy mohiyati, amaliy tatbiqi, mavjud muammolar va taklif etilgan yechimlar tahlil qilindi. Bu bosqichda esa har bir sudya yordamchisi — davlatning huquqiy yuzini, adolatli boshqaruvni ifodalovchi vakilga aylanmoqda.

Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi sudya yordamchisi

Umarova Zuxraxon Xayotjon qizi